Plastik kartadan naqd pul yechish!

Ish kuni boshlanishi bilanoq bir kunda kamida 5 ta qo‘ng‘iroq mana shu masala haqida bo‘ladi:

“Bankilarda plastiGdan  %ga pul yechsak bo‘ladimi?”.

Shu savolni eshitganimda, bolaligim esimga tushib ketadi. Uyimizga juda ko‘p mehmon kelardi, ba’zan mehmonlar soni xisobimizdan ortib ketganida, maxsus tayyorlangan taom o‘zimizga yetmay qolardi. Qozonga termulib turgan onam, men va singlimning holati, bankda ishlab, oyligini 100% plastik kartada oladigan bankirlarni yodga soladi.

bank-1269026_1280

Plastik kartadan bank orqali naqd pul yechish uchun aynan o‘sha kartochka ochilgan bankka murojat qilish shart emas, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi istalgan bank filiali ma’lum belgilangan xizmat haqi evaziga kartochkadagi pulni naqdlashtirib berishi mumkin, agar bankda naqd pul yetarli bo‘lsa (zo‘r javob bo‘ldimi:)) .

Afsuski, ha deganda bank kassasining “tagi ko‘rinib” qolyapti, xalqimizning naqd pulga bo‘lgan talabi bank kirim kassasidan ortib ketyapti (oqibatida esa, ko‘chadagi “muqobil” variantlardan foydalanishga to‘g‘ri kelmoqda).   So‘mli plastik kartalar emissiyasiga qariyb 11 yildan oshgan bo‘lsada haligacha undan to‘g‘ri foydalanishni bilmayapmiz. Go‘yoki, plastikdagi pul – pul emasdek, imkon bo‘lishi bilan tiyin-tiyingacha yechib olishimiz kerak. Oddiy misol: o‘zimdan qiyos – biror narsani plastik kartaga xarid qilayotganimda, naqd pul sarflaganchalik bosh qotirmayman.

 

Nima uchun naqd pulga talab bunchalar kuchli?

  • hamma joyda ham terminallar mavjud emas;
  • terminal bor joylar ba’zida “ishlamay qoldi” degan chaynalib ketgan plastinkani qo‘yishga erinmaydilar yoki plastikka qimmatroqqa xarid qilishga to‘g‘ri keladi;
  • yo‘l kiralar (asosan, viloyatlarda) faqat naqd pulda amalga oshiriladi:
  • xarajatlarni aynan shunday turlari borki, uning o‘rnini plastik karta umuman bosa olmaydi, masalan: to‘ydagi “qistir-qistir”ga plastik uzatolmaymiz, turli yig‘imlarga, to‘y-maraka, tug‘ilgan kunlarga ham plastigimiz o‘tmaydi, uydagi “bonka”mizga Amriqoning dollarini bosib qo‘yishga ham naqd kerak

TV va gazetalar orqali kuyib-pishib tayyorlangan roliklar: plastik kartaning afzallik jihatiyu, xarid paytida sotuvchi (kassir)dan kassa chekini so‘rab olishga ko‘nikishimiz ham qiyin kechmoqda. Magazindan narsa sotib olgach, kassa chekini so‘rab sotuvchining zaharxanda gapini eshitgandan ko‘ra, manzilga tinchgina yetib olishni afzal bilamiz, bu tabiiy hol.

 

Bu XALQni tarbiyalash qiyin kechayotgani tufayli, ayrim hollarda banklarga zarar bo‘lsada, 2016-yilning 1-martidan e’tiboran naqd pulsiz hisob-kitoblarga bir qancha o‘zgartirishlar kiritildi

(Президентнинг «Банк пластик карточкалари асосида ҳисоб-китоблар тизимини ривожлантиришни рағбатлантиришга оид қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида»ги қарори – http://www.cbu.uz/uzc/node/47281).

credit-card-1104960_1280

Unga ko‘ra, plastik kartochkalar bo‘yicha yagona tariflar rejasi ishlab chiqildi: plastik karta hisobvarag‘idagi qoldiq miqdoriga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasi (2016-yil uchun 9%) dan kam bo‘lmagan miqdorda foiz hisoblanadi, oldin bu miqdor 1%ni tashkil qilar edi. Aytaylik, kartangizdagi doimiy qoldiq 1 000 000 so‘mni  tashkil qilsa, yiliga 90 000 so‘m (4 ta gril yoki 45 kilo kartoshka yoxud 18 ta 1,5l Cola) osmondan tushib qolgandek bo‘ladi 🙂 )

Yana bir yaxshigina yangilik, plastik kartalar o‘rtasida mablag‘ transferining yo‘lga qo‘yilganligi. Endilikda, xuddi telefonga “paynet” qilgandek, plastik kartangizdagi mablag‘larni istalgan 2-kartaga o‘tkazishingiz mumkin, faqat bunda bankka yoki maxsus dasturlarga murojaat qilinadi. Aynan mana shu yangilik, aholiga katta qulaylik yaratadi, to‘lovlar paytida “plastik karta egasi kelsin yoki plastik egasining pasport nusxasi kerak” degan bahonalarga o‘rin qolmaydi.

Ushbu qaror amalda qay darajada ishlayotganini bilish uchun bir qancha tijorat banklariga murojat qilib ko‘rdim, banklar soni ko‘p bo‘lgani tufayli filiallar soni va xizmat darajasi yuqori nisbatan yuqori deb hisoblangan (shaxsiy fikrim) 3 ta bank bilan kifoyalanishga to‘g‘ri keldi.

Chet el kapitali ishtirokidagi «Hamkorbank». 1991-yili faoliyatini boshlagan, 32 ta filial va 150 dan ortiq mini-banklarga ega. Bank saytidagi aloqa markaziga qo‘ng‘iroq qildim.

E’tiborimni tortgan jihati, chiroyli avto-ovozning “suhbat yozilishi mumkin” degani bo‘ldi, bu yaxshi, demak nazorat bor! Operator ma’lumot berishda erinmasdan, sof o’zbek tilida, kuyunchaklik bilan har bitta savolimga aniqlik kiritib javob berdi, hattoki, maxsus dastur smartfonning qaysi sistemada ishlashi kerakligini aytish ham esidan chiqarmadi. 2 xil usulda transferni amalga oshirish mumkin ekan, faqat kartochka boshqa bankka tegishli bo‘lsa, undan Hamkorbank kartasini to‘ldirish mumkin xolos, pul o‘tkazib bo‘lmaydi (kirish bor-u, chiqish yo‘q). Agar 10 ballik shkalada baholaydigan bo‘lsak – 10 ball!  Lekin oxirida xizmat haqi (1% va 3%) meni hayron qoldirdi… (qarorga ko‘ra xizmat tekin bo‘lishi kerakmasmidi, oopps,  shu joyida qovun tushdimi deyman-a)

 

Aksiyadorlik tijorat “Asaka” banki. 1995-yilda tashkil etilgan, bugungi kunda 26 filial va 100ga yaqin mini-banklar faoliyat ko‘rsatadi.

No comment… Suhbatga o‘zingiz baho berarsiz… (yo men fikrimni tushuntira olmadim yoki qizposhsha ishga yangi kelgan, bitta anglaganim — xizmat bepul ekan, agar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa…)

 

“Ipak yo‘li” aksiyadorlik innovatsiya tijorat banki. 1990-yil tashkil etilgan, 13 ta filial va 100ga yaqin mini banklarga ega.

Boshlanishi: avto-ovoz va sokin musiqa menga yoqdi, lekin operator ulangach o‘zini tanishtirmadi (agar suhbatdan ko‘nglim to‘lmasa,  kimning ustidan arzu-dod qilish kerakligini bilmaydigan bo‘ldim J ) va biroz erinibgina javob bergandek tuyuldi nazarimda. Xizmat Hamkorbankdagi kabi 2 xil usulda yo‘lga qo‘yilgan, ikkalasi ham “HOZIRCHA” tekin (qachongachaligi noma’lum) hamda afzalligi ­­– istalgan bank plastik kartasiga pul o‘tkazish va aksincha to‘ldirish mumkin. Mobil-banking dasturi ham tekin ekan, qanday yaxshi)))

 

Tanlov o‘zingizni ixtiyoringizda: istasangiz plastik kartadagi mablag‘ni  %ga yechtirib, naqd pul taqchilligini oshirishingiz va “qora bozor”ga hissa qo‘shishingiz mumkin yoki  barcha xarid va to‘lovlarni plastik karta orqali amalga oshirib, daromadlarni bank orqali aylanishi (bu o’z navbatida daromadlardan soliq to‘lanishi, davlat g‘aznasining oshishi) ga majburlashingiz ham mumkin.

Agar plastik kartadagi mablag‘ni Hamkorbank orqali biridan ikkinchisiga o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, aytaylik 100 000 so‘m transfer uchun 1 000 so‘m xizmat haqi to‘lanadi, boshqa bankka tegishli kartalardan esa 3 000 so‘m ushlanadi. Transferni Asaka bank bilan amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz, bank filialiga plastik kartalarni egalari pasportlari bilan borib, balki navbatda turishga ham to‘g‘ri kelib, ariza yozish bilan bepul amalga oshiriladi. Ipak yo‘li bankidagi transferlar ham bepul, bankka bormasdan ham “mobile-banking” dasturi orqali pul o‘tkazmani amalga oshirish mumkin.

12 thoughts on “Plastik kartadan naqd pul yechish!

  1. Zo’r va bugungi kundagi men uchun ham DOLZARB muammo yoritilibdi! Qoyil, Xurshida opa. O’qiganlariz juda ham qo’l kelayotganidan xursandmiz. Biz ham buni qo’llashni sizdan o’rgansak bo’larkan. Mikrokreditbank dan ham so’ralganda bundanda zo’r bo’lardi.
    P.s men Mikrokreditbank mijoziman.

    Liked by 1 person

  2. Boshqa mavzuda boshlanib boshqa mavzuda tugatildi. Plastikdagi pulni naqt qilish muammosi ohirigacha yoritilmadi. Keyin, yuqoridagi uzizgiz sanab utgan naqtsiz iloji yuq ishlar, plastikdan plastikka pul utkazish bn hal bulmidiku.. Yoki man tushunmadim…

    Liked by 1 person

    • Rahmat, gapingiz to‘g‘ri, men sanab o‘tgan xarajatlar naqd pulsiz amalga oshishi qiyin masala. Shu kabi masalalar borligi uchun ham naqd pul hech qachon bekor qilinmasa kerak . Blogpostni yozishdan maqsadim, elektron to‘lovlar mohiyatini biroz ochib berish va yangiliklarga ko‘nikma hosil qilish. Hamma tizim ham mukammal ishlayotgani yo‘q, iste‘molchilarning ya‘ni o‘zimizning istagimiz bo‘lsagina bu muammo tezroq barham topadi.

      Like

  3. plastik karta hisobvarag‘idagi qoldiq miqdoriga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasi (2016-yil uchun 9%) dan kam bo‘lmagan miqdorda foiz hisoblanadi, oldin bu miqdor 1%ni tashkil qilar edi. Aytaylik, kartangizdagi doimiy qoldiq 1 000 000 so‘mni tashkil qilsa, yiliga 90 000 so‘m…

    Mana shu joyini to’liq tushuntirivoring. Masalan Online plastikda 1 mln pulni bir yil to’liq ishlatmay saqlash kerakmi? Yoki oyma oy bo’lingan holda beradimi?

    Liked by 1 person

Leave a comment